
Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi operatorining (UZIMEI tizimi operatori) fuqaro V.N.Lomakinning video murojaati bo‘yicha rasmiy bayonoti
12 феврал, 2025UZIMEI tizimi operatori fuqaro V.N.Lomakinning “Platforma Uz” Telegram kanali orqali 2025-yil 11-fevral kuni e’lon qilgan videomurojaatida keltirilgan masalalar yuzasidan fuqaro Lomakin Vyacheslav Nikolayevich 2025-yil 5-fevral kuni UZIMEI tizimi operatori ofisiga kelib, shaxsiy mobil qurilmasining IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga koʻra bojxona qoʻmitasining sayti orqali deklaratsiya toʻldirganligi hamda belgilangan bojxona boji to‘lovlarini taqdim etilganligini bildirib, mobil qurilmasini ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam so‘rab yozma murojaat qoldirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentyabrdagi 778-sonli qarorga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlaridan qat’i nazar, deklaratsiya to‘ldirilishi belgilangan.
Tizim operatori ofisida fuqaro bilan uchrashilib, mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, tegishli qaror talablari va ularni amalga oshirish bo‘yicha tushuntirish berilgan.
Joriy yil 6-fevral kuni fuqaro UZIMEI tizimi operatoriga tashrif buyurib, bojxona deklaratsiyasi yuzasidan masalani ijobiy hal etganligini bildirib, o‘ziga tegishli mobil qurilma muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazilganligi sababli 5-fevraldagi murojaatini koʻrmay qoldirilishi yuzasidan yozma iltimosnoma qoldirgan.
2025-yil 6-fevral soat 13:22 da fuqaroga tegishli bo‘lgan mobil qurilma IMEI kodlari faollashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz!
UZIMEI tizimi operatori ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib boradi va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
❗️ Deklaratsiyaga doir ma’lumotlar olish uchun Bojxona qo‘mitasining 1108, 55-502-76-00 raqamlariga, shuningdek, Mobil qurilmani ro‘yxatga olish bo‘yicha ma’lumotlar olish uchun 1170 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.