UZIMEI.UZ - O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayoniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilgani toʻgʻrisida

PHOTO

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabr "Oʻzbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida" 828-son qarori mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimi ishga tushirilganidan soʻng fuqaro va tadbirkorlardan kelib tushgan murojaat va takliflardan kelib chiqqan holda iste'molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish, telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hamda tizimni takomillashtirish va qulayliklar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.

Qaror loyihasi ishlab chiqilishida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, boshqa taalluqli idoralar takliflari inobatga olinib kelishildi.

Endilikda mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019-yil 1-noyabrigacha avtomatik roʻyxatdan oʻtgan va bazaga kiritilgan boʻlsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan soʻng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

  • mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
  • IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
  • Nizomga muvofiq anketa taqdim etish.

Agar 2019 yil 1 noyabridan keyin arizaga asosan roʻyxatga olingan boʻlsa, jarayon 3 soat ish vaqtida toʻlov asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat'iy nazar, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun javobgar boʻladilar.

Xorijiy davlatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosiga murojaat qiladi. Bunda diplomatik vakolatxonalar tomonidan mobil qurilmalar diplomatik pochta orqali olinmagan taqdirda arizaga bojxona yuk deklarasiyasi yoki bojxona kirim orderi taqdim etiladi.

Tizim operatori Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida toʻlov asosida amalga oshiradi.

Sud qaroriga koʻra davlat egaligiga oʻtkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.

Shunga koʻra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida roʻyxatdan oʻtkazadi.

Tizim operatori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi oʻrtasida sud qaroriga koʻra davlat egaligiga oʻtkazilgan mobil qurilmalar boʻyicha elektron axborot almashuvini amalga oshiriladi.

Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qurilma ishlab chiqarish uchun tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet davlat fuqarosi va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yoʻli bilan roʻyxatga olinadi.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona toʻlovlari toʻlangandan soʻng IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtkaziladi.