UZIMEI.UZ - O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi

Chetdan olib kelingan mobil qurilmalarning IMEI-kodini roʻyxatdan oʻtkazish uchun nimalarni bilish kerak?

PHOTO

Isteʼmolchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori (22.10.2018-yil 847-son) qabul qilingan.

Ushbu qaror asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan mamlakatimizda mobil qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari asosida roʻyxatga olish boʻyicha Tizim ishlab chiqish yuzasidan ishlar amalga oshirila boshlandi.

Keyinchalik, mazkur qarorning mantiqiy davomi sifatida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentyabrdagi 778-son qarori qabul qilindi va respublikamiz hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

Mazkur Nizomga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilgan mobil qurilmalarga IMEI (International Mobile Equipment Identifier, 15 ta raqamdan iborat) yoki xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodni Tizim operatori yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali roʻyxatdan oʻtkazilishi joriy etildi.

Bugungi kunda chetdan olib kelingan mobil qurilmalarning IMEI-kodini  roʻyxatdan oʻtkazish uchun:

Birinchi holatda, mobil qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotish uchun tadbirkorlik subyekti (importyor) tomonidan BYUD (bojxona yuk deklaratsiyasi) asosida olib kirish:

Bu holatda, mobil qurilmalarning IMEI-kodini roʻyxatdan oʻtkazish uchun tadbirkor tomonidan BYUD taqdim etilishi lozim.

Bugungi kunda bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilgan BYUDlar hisobini yuritish boʻyicha DBQ YAAAT (Davlat bojxona qoʻmitasining) Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi dasturi «Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” DUKning dasturiy taʼminotlari bilan onlayn ravishda integratsiya qilinganligi sababli, tadbirkor taqdim etgan BYUDdagi maʼlumotlarni avtomatik ravishda tekshirish yoʻlga qoʻyilgan.

Agar import qiluvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar BYUDda aks ettirilgan maʼlumotga mos kelmasa, qurilmalarning butun toʻplami roʻyxatga olinmaydi.

Maʼlumot uchun: Tizim operatoriga tovar boʻyicha BYUDning 31-grafasida nima koʻrsatilgan boʻlsa oʻsha maʼlumotlar koʻrinadi (IMEI-kodni koʻrsatish majburiy emas).

Ikkinchi holatda, jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini oʻzlari kesib oʻtgan holda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmagan miqdorda olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib oʻtganligini tasdiqlashi lozim.

Bunda ham jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (sana, usul va boshqa) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va jismoniy shaxsning shaxsiy identfikatsion raqami qayd etilgan holda avtomatik tekshiriladi.

Shuningdek, meʼyoridan ortgan qismi boʻyicha Bojxona kirim orderi orqali bojxona toʻlovlarini ham toʻlash mumkin boʻlib, mazkur maʼlumotlar ham UZIMEI tizimiga integratsiya qilingan.

Uchinchi holatda, jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta yoki kuryerlik joʻnatmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalar faqat Tizim operatoriga oʻzi kelib murojaat etish orqali pochta identifikatorining shtrix-kodi va kalendar shtempeli boʻlgan konvert taqdim etilgan holda amalga oshiriladi.

Soʻngi vaqtlarda mobil qurilmalarni UZIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda qaynoq mavzuga aylandi.

Gap shundaki, xorijdan kelgan koʻplab fuqarolar oʻzlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini roʻyxatdan oʻtkazishmoqchi boʻlganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UZIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtganligi koʻplab noroziliklarga sabab boʻlayotgan edi.

Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik  va idoralar qatorida Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Davlat bojxona qoʻmitasining kunu tun ishlab turadigan 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, xabaringiz bor, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida roʻyxatdan oʻtmagan mobil qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yoʻllar bilan roʻyxatga qoʻyish, shaxslarga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻib, saqlab, ulardan gʻarazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan oʻzaro jinoiy rejaga koʻra, qoʻshni davlatlarga oʻtishib, u yerda mamlakatimizga kirib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport maʼlumotlarini telefonda suratga tushirib, “Telegram” messenjeri orqali yuborib, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan mobil qurilmalarni UZIMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga roʻyxatdan oʻtkazish bilan shugʻullanib kelishgan.

Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi koʻzdan kechirilganida telefoni xotirasida Oʻzbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport suratlari borligi, u ushbu pasport maʼlumotlarini yigʻib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSH dollaridan haq olganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov organiga yuborildi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, mobil qurilmalar importi 2019-yilning 1-yanvar – 15-sentyabr davrida 58 810 ta (4,6 mln. dollar)ni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida 451 039 ta (29,8 mln. dollar)ni tashkil etdi.

Davlat byudjetiga 2019-yilning ushbu davrida 8,7 mlrd. soʻm, joriy yilda esa 72,6 mlrd. soʻm undirildi, yaʼni oʻtgan yilgiga nisbatan 63,9 mlrd. soʻmga koʻp.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur tizim toʻliq amaliyotga joriy etilgandan soʻng 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 15-sentyabrga qadar 911 882ta (47,3 mln. dollar) import qilingan boʻlib, davlat byudjetiga 100,1 mlrd. soʻm undirilgan.

2020-yilda jami 4,9 mlrd. (2019-y. 6,2 mlrd.) soʻmlik 7 484 ta (2019-y. 7691 ta) uyali aloqa vositasining noqonuniy olib oʻtilishi holatlari aniqlandi.

Manba