UZIMEI.UZ - O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi

Mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida matbuot anjumani o‘tkazildi.

PHOTO

30 mart kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish Vazirligi “Respublikamiz hududlarida mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish va mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” matbuot anjumani o‘tkazdi.

Axborot texnologiyalarini joriy etish mamlakatimiz uchun muhim iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi, shuningdek, mamlakatimizning raqobatbardoshlilik darajasiga bevosita taʼsir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 22 milliondan ziyod mobil aloqa abonentlari, shuningdek, 16 milliondan ko‘proq mobil internet foydalanuvchilari mavjud. Respublikamizdagi mobil aloqa tizimi AKT sohasining barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda ulkan ahamiyatga ega. Aynan shuning uchun matbuot anjumanida hududlarda mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, aholiga hamda korporativ mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va infratuzilmalarini modernizatsiyalash masalalari muhokama etildi.

Tadbir mamlakatimizning barcha mobil aloqa operatorlari ishtirokida o‘tdi. Unda ular o‘z mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yangi xizmatlar va texnologiyalarni joriy etish borasidagi taqdimotlarini o‘tkazdilar.

2019 yilda O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab 3000 ta yangi baza stansiyalarini o‘rnatadi.

Matbuot anjumani doirasida respublikamiz uchun yangi bo‘lgan xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish taqdimoti o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, mobil qurilmalarni hisobga olish tizimining joriy etilishi mamlakatimizda 2019 yilning 1 aprelidan boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimining operatori sifatida “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” Davlat unitar korxonasi belgilangan bo‘lib, mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi o‘rnatildi. Mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasining barcha GSM-operatorlari tarmoqlariga ulangan bo‘lib, ular o‘rtasida “onlayn” rejimida o‘zaro ma'ulumot almashish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur tizim import qilinadigan mobil qurilmalarning registratori vazifasini bajaradi.

1 apreldan boshlab O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda ro‘yxatga olish amalga oshiriladi.

Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi: 1) kontrafakt qurilmalarni – yaʼni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani, 2) o‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababidan “qora ro‘yxat”ga kirib qolgan qurilmani, 3) bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.

Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini to‘g‘riligini – UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.

Hisobga olish va ro‘yhatdan o‘tkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini o‘rnatishga, qolaversa, o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan abonent qurilmalari ro‘yxati almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, O‘zbekiston hududida va aksincha GSMA ga aʼzo kompaniyalar tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasining “qora ro‘yhati”ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni bo‘lmaydi.

Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:

  1. Abonent qurilmalaridan foydalanish yoki o‘g‘irlangan qurilmalar bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish va aniqlash.
  2. O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy, kontrabanda yo‘l bilan abonent qurilmalarini olib kelinishini cheklash.
  3. Xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini taʼminlashga yordam berish.
  4. Xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sog‘lig‘i himoyalash.
  5. Kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobatni taʼminlash.

Matbuot anjumanida muhokama qilingan masalalar millionlab abonentlar uchun o‘ta muhimligi sababli Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish Vazirligi mutaxassislari jurnalistlarga murojaat qilib, aholini mobil aloqa qurilmalarini hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimining joriy etilayotgani yuzasidan keng xabardor qilishni so‘rashdi.

O‘z navbatida, Vazirlik 2019 yil mobaynida O‘zbekiston mobil aloqa abonentlari uchun noqulaylik tug‘ilishining oldini olish va aholi xabardorligini oshirish maqsadida keng tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi.